SHUKUR XOLMIRZAYЕV HIKOYALARI TILIDA SO‘Z VA UNING TA’RIFI

Опубликовано в журнале: Научный журнал «Интернаука» № 18(241)
Рубрика журнала: 18. Филология
DOI статьи: 10.32743/26870142.2022.18.241.338972
Библиографическое описание
Tojiyeva G.Yu., Shukurov A.A. SHUKUR XOLMIRZAYЕV HIKOYALARI TILIDA SO‘Z VA UNING TA’RIFI // Интернаука: электрон. научн. журн. 2022. № 18(241). URL: https://internauka.org/journal/science/internauka/241 (дата обращения: 25.04.2024). DOI:10.32743/26870142.2022.18.241.338972

SHUKUR XOLMIRZAYЕV HIKOYALARI TILIDA SO‘Z VA UNING TA’RIFI

Tojiyeva Gulnora Yusupovna

1-kurs magistranti, Termiz davlat universitet,

O‘zbekiston, Termiz

Shukurov Axat Axmatovich

PhD doktori, Termiz davlat universitet,

O‘zbekiston, Termiz

 

Badiiy asar uchun so‘z asosiy ozuqa manbai hisoblanadi. So‘z badiiy asarni jonlantiradigan, unga jilva beradigan, rang-barang manzara hosil qiladigan bezakdir. So‘z va uning badiiy matndagi o‘rni hamda badiiy asarga yangicha mazmun baxshida etishi ko‘plab tilshunos olimlar izlanishlarida o‘z ifodasini topgan [25]. Xullas, so‘zdan nechog‘lik yoki qay yo‘sinda foydalanish badiiy asar uchun bitmas-tuganmas boylikka ega. Shukur Xolmirzayev so‘z san’atkori sifatida har bir so‘zdan unumli va o‘rinli foydalanadi, nima demoqchi bo‘lsa, albatta, o‘z fikrini so‘z bilan bayon etadi. Shuning uchun ham yozuvchining har bir asarini tili puxta, sodda, ravon hamda o‘qilishi tushunarliligi bilan xarakterlanadi. Shukur Xolmirzayev hikoyalari tiliga nazar tashlar ekanmiz, birinchi navbatda yozuvchining aytayotgan fikrini qisqa, ixcham, lo‘nda bayon etayotganligidan voqif bo‘lamiz. Qisqalik esa asarning yanada mazmunini oshiradi, o‘quvchini ko‘plab mushohada yuritishga jalb etadi. Ikkinchidan, asar tilida ishlatiladigan har bir so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llay biladi, unga turlicha bezak berib asar tilining ohangdor, jozibador bo‘lishiga erishadi. Pirovardida o‘quvchining asar mazmunini o‘z-o‘ziga singdirib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xullas, yozuvchi asarlarida so‘z asosiy vosita sifatida ishlatiladi. Ushbu bobda yozuvchi ijodida so‘z va undan foydalanishdagi talant va mahorati xususida fikrlar yuritmoqchimiz.

Shukur Xolmirzayev hikoyalari tilini qunt bilan o‘rganish jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ladiki, yozuvchi har bir so‘zni ishlatishda undan ma’lum bir maqsadlarni ko‘zlaydi. Yangicha ma’no qirralari ochishga harakat qiladi. Natijada asar tilining rang- barangligiga erishadi.

So‘z umuman nutqning, shuningdek badiiy asarning ham asosiy ifoda vositasi bo‘lib, yozuvchining maqsadi, hatti-harakati, intilishlari, qolaversa obraz yaratishdagi badiiy mahorati ham shu bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. So‘z kishining aloqa vositasi sanalgan tilning ham asosiy elementidir. Shunday ekan har bir san’atkor hayotni, voqeiylikni obrazli tasvirlashda tildagi so‘zlardan unumli foydalanadi..

Demak, har bir hikoyaning badiiy jihatdan ta’sirchan, obrazli, bo‘yoqdor bo‘lishida asosiy unsuridir. Qolaversa, badiiy nutq tushunchasi barcha xalqlarda bir xil biroq har bir xalqning o‘ziga xos urf-odatlari borligi, yashash tarzi har xil bo‘lgani uchun ham badiiy nutq turlicha nomoyon bo‘ladi. Adibning hikoyalari tili ana shunday xalq an’analari, uning urf-odatlari, yashash tarzi, xalqning butun orzu umidlari zamirida shakllangani ham fikrimizga asos bo‘ladi. Binobarin, tilda xalq gapiradi, shuning uchun ham, uning vakili bo‘lmish san’atkor qanday xohlasa, shunday tarzda o‘z fikrini so‘z bilan ifodalaydi. Shukur Xolmirzayev o‘z hikoyalari tilini boyitish, uning barkamol bo‘lishini ta’minlash uchun ham xalq tiliga murojaat qiladi.

Har bir so‘zning ma’naviy jihatini o‘rganish jarayonida uning ma’nosi qay darajada ifoda usuliga ega bo‘lishi va bo‘lmasligiga qarab talqin qilinadi. Masalan, kambag‘al va gado so‘zlari ma’no jihatdan farqlanadi. Chunki kambag‘al so‘zi og‘zaki nutqqa xos bo‘lib, gada so‘zi esa kitobiy nutqqa taalluqlidir. Ayni paytda kambag‘al so‘ziga nisbatan gado so‘zining salbiy ma’nosi kuchlidir. Masalan, “shunday deb, u turmushning har qalay “yomon omonlari” ko‘pligini esladi. Kambag‘al, gadolar ko‘p edi.

Umuman ushbu matnda kambag‘al, gado so‘zlari o‘zaro sinonim so‘zlar sifatida qo‘llangan va ta’kidni kuchaytirish uchun foydalangan.

Darvoqe, so‘z inson ma’naviyatining bitmas- tuganmas xazinasi sifatida namoyon bo‘lar ekan, yozuvchilar o‘z qahramonlarining xarakterining ochishida so‘zning u yoki bu xususiyatlaridan unumli foydalanadilar. Ba’zan badiiy matnlarda so‘zning ana shunday odamga ozuqa berishi, kayfiyat va ruhiyatini ko‘tarishini ko‘ramiz. Bunday misollar Shukur Xolmirzayev badiiy prozasi tilining o‘ziga xos ifodaviyligini uyushtirishga ham xizmat qilgan:” qulluq, qulluq, boshim osmonga yetdi, jon uka. Yanagi shanba. Soat oltilarda. Ishdan chiqadigan paytimizga to‘g‘ri keladi.” (“Og‘ir tosh ko‘chsa”) ushbu matndagi talaygina so‘zlar kishiga ma’naviy ozuqa beradi, chunki har bir so‘zda hurmat, izzat, iftixor kabi ma’nolar mujassam etilgan. Xususan, qulluq,qulluq takror so‘zlari boshim osmonga yetdi, jon, uka kabi birikmalarda sevinmoq, suyunmoq ma’nolari bor. Bunday so‘zlarning matnda shu tarzda qo‘llanishi faqat asar tilining o‘ziga xosligini ta’minlabgina qolmaydi, balki so‘zlovchi tomonidan tinglovchiga ma’naviy ozuqa beradi. Demak, so‘zdan o‘rinli va unumli foydalanish, xususan inson nutqida doimo yaxshi va ijobiy so‘zlarning namoyon bo‘lishi inson ma’naviyatiga ijobiy ta’sir etib boradi. Badiiy adabiyot tilida so‘zdan oqilona foydalanish natijasida badiiy matnning ta’sirchanligi oshadi va kishining diqqatini o‘ziga jalb etadi.

Badiiy hikoyalar tilini qunt bilan o‘rganar ekanmiz, unda so‘zlarning matnlarda obrazlilikni uyushtirish hamda bo‘yoqdolikni yuzaga keltirishini kuzatamiz. Bu o‘rinda M. Polyakovning “Badiiy adabiyot tilida so‘z obrazli tushunchalarni shakllantiradi va uni yuzaga keltiradi” [25, b.128]. Shunday ekan, so‘z badiiy matnda obrazli fikrni ifodalash uchun xizmat qiladi, buning uchun yozuvchida obraz yaratish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud bo‘lishi lozim.

Sinonimlarni ishlatish masalasi Shukur Xolmirzayev hikoyalari tili uchun xarakterli bo‘lib, uni alohida rejada o‘rganish san’atkor badiiy mahoratini qay darajada ekanligidan dalolat beradi. Inchinun, sinonimlar ham til lug‘at tarkibidagi boshqa so‘zlar kabi umumiy va yakka tartibdagi belgilariga ega bo‘lib boshqa so‘zlar kabi ma’no ifodalash xususiyati jihatdan umumiy bo‘lsa ham, sinonimik qatordagi so‘zlarning ma’no ifodalashdagi rang-barangligi nuqtai nazaridan ularning alohida jihatlari mavjud. Xuddi shu narsa sinonimlarning badiiy adabiyotda faol qo‘llanilishi uchun zamin yaratadi. Undan har bir san’atkor oqilona foydalanishi lozim. Sh. Xolmirzayev bu masalada yetarli imkoniyatlarga ega bo‘lgan ijodkor sifatida sinonim so‘zlarni har bir asariga singdirishga harakat qiladi va o‘z asari qahramonlarining nutqini boyitadi. Masalan. “Mabodo birining qolib birining ketishiga to‘g‘ri kelsa o‘sha tun uylarida uyqu ham kam bo‘lar edi va tun sifatida yodlarida qolar edi”. (“Og‘ir tosh ko‘chsa”)

Ikromjon shunday “ba’zan” paytlarda shirin o‘tgan damlari Tursunoy bilan kabutarlar kabi g‘udillashib gaplashganlari, piqir-piqir kulishganlari va shirin-shirin xayol surib yotganlarini eslash bilan ko‘ngliga taskin beradi. (“Og‘ir tosh ko‘chsa”)

Ushbu matnlarda Sh.Xolmirzayev shirin va lazzatli so‘zlarini qo‘llash orqali hayotiy masalarini ham yorqin timsollar asosida ochib bergan, ya’ni qahramonlarning xarakteridagi o‘ziga xos jihatlari, ichki ruhiyati va bir-biriga bo‘lgan munosabati ana shu til birliklari orqali kitobxon ko‘z o‘ngida gavdalanadi. Ayni paytda matnda qo‘llanilgan bu so‘zlar ma’nodagi nozikliklari bilan ham farqlanadi.

Chunonchi, “lazzatli” so‘zida belgi darajasi kuchli bo‘lib, ma’lum darajada lazzat baxsh etish darajasidagi xususiyatni ifodalash uchun ishlatiladi. “Shirin” so‘zida esa esa asosiy e’tibor narsa-predmetdagi mavjud o‘ziga xos xususiyatiga qaratilgan va ana shu jihati o‘z ifodasini topgan, ya’ni shirin so‘zida maza ta’mni ifodalash kuchliroq bo‘lsa, lazzatli so‘zida rohatbaxshlikni ifodalish kuchliroqdir. Yozuvchi asarlarida sinonimik qatorlarga kiruvchi bunday so‘zlardan foydalanish namunalari anchagina uchraydi. Ko‘rinadiki, yozuvchi o‘z qahramonlarining ichki dunyosidagi xarakterli xususiyatlarini ochish maqsadida ham ushbu so‘zlardan foydalangan. Aslida, yozuvchi bir tushunchani turli vositalar bilan ifodalash maqsadida ham shu narsaga e’tiborini qaratgan. Ayni paytda, matndagi qo‘llanilgan so‘zlarning bu ma’nosidagi noziklik ham turlicha ekanligini nazardan qochirmagan. Matnda ”o‘tgan damlari ” iborasini qo‘llar ekan, yozuvchi keyingi jumlalarida bu iborani go‘yo “parchalaydi” uning ifodalagan ma’nolarini birma-bir izohlaydi:g‘udillashib gaplashganlari, piqir-piqir kulishganlari, shirin –shirin xayol surib yotganlari kabi matniy sinonimlar orqali o‘sha tushuncha mohiyatini ta’kidlash orqali ochib beradi.

Binobarin matniy adabiyot tilining rang-barangligini turli so‘z va iboralar ana shunday holatga keltiradi. Badiiy tilning bu kabi uslubiy jihatdan bo‘yoqdor va jozibador bo‘lishini ta’minlashda sinonim so‘zlar asosiy vazifani bajaradi. Badiiy asar tilida qo‘llaniluvchi sinonimlar nozik ma’nosiga ko‘ra farqlanadi.. shu jihatdan sinonimlar oasidagi nozik ma’no farqlari o‘ziga xos ekspressiv mazmunni keltirib chiqaradi, sinonimik qatordagi so‘zning har biri ma’lum uslubdagina qo‘llaniladi [4]. Xususan san’atkorlar bir so‘zni aynan takrorlamasliklari uchun sinonimlarning ana shu badiiy- semantik nozikligiga e’tibor beradilar. Shuning uchun ham, sinonimlar nutqning rang-barangligi, uning ifodaliligini belgilovchi vosita bo‘lib, so‘z tanlash tamoyilidan kelib chiqib, yozuvchi tili va uslubini o‘rganish uchun xos bo‘lgan masalalardan biridir [4]. Sinonim so‘zlar nutq jarayonida tabaqalanadi. Bu tabaqalanishda ham sinonimlarning emosional- stilistik bo‘yoqdorligi va ma’no nozikligining ayrim tomonlari o‘rganilib boradi. Xususan sinonimlarning badiiy nutq uchun xoslanganlari, asosan ijobiy bo‘yoqqa ega bo‘ladi, hamda ularda tantanovorlik poetik jihatdan ustunlik kuzatiladi, og‘zaki nutqqa xoslarida esa salbiy bo‘yoq kuchliligi seziladi. Darhaqiqat, tillarda sinonim so‘zlarni shu tarzda tabaqalab qo‘llash muhim xususiyatlarni vujudga keltiradi. Masalan: ”Safga yaroqsiz turna ham taqdirga tan bermog‘i kerak. Lekin o‘jar, qaysar. Cho‘loq buni his etsa-da, o‘zini dahshat qo‘yniga tashlagisi kelmaydi” (“Og‘ir tosh ko‘chsa”). Ushbu matnda qo‘llanilgan o‘jar, qaysar so‘zlari og‘zaki nutqqa xos sinonimlardir. Avvalo, matn rang-barang bo‘yoqqa ega, undan tashqari badiiy matnga xos belgilarni ifodalagan. Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu sinonim so‘zlar asosan salbiy munosabatni ifodalash uchun qo‘llanilgan, ya’ni o‘z taqdiriga tan berishni istamagan turnaning salbiy tomoni shu tarzda chizib berilgan. Sinonimlarni shu tarzda belgilash ham badiiy asar tilining serjilo va serbo‘yoq bo‘lishda keng imkoniyatlar yaratadi.

Umuman olganda, sinonimlar barcha tillarda badiiy tilning lug‘at boyligini tashkil etuvchi birliklar hisoblanib, matnda turli xil ma’no nozikligini yuzaga keltirishda keng imkoniyatlarga ega. Shuning uchun ham, har bir san’atkor bir so‘zni aynan ishlatmaslik uchun ham fikrning izchil va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlash maqsadida sinonimlardan keng foydalanadi. Bu esa sinonimiya hodisasiga mumkin qadar e’tiborni ko‘proq qaratmoqlikni taqozo etadi. Shu boisdan ham Sh.Xolmirzayev asarlarida yozuvchi o‘zbek tili leksikasining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan sinonim so‘zlardan unumli foydalanishga harakat qilgan.

 

Adabiyotlar ruyxati:

  1. Abdullayev A. O‘zbek tilida ekspressivlikning ifodalanishi. – T, 1982 – B.15.
  2. Aytboyev D. O‘zbek tilidagi perifrazalarning motivlashuvi va leksiko- grafik talqini. Filol. fanlari. nomz. diss... avtoref. – T., 2007, – B. 26,
  3. Boboyev T. She’r ilmi ta’limi (o‘zbek she’riyati poetikasidan saboqlar). – T, 1996. – B. 229.
  4. Doniyorov A. Badiiy nutq stilistikasidan materiallar.-Guliston,-B.113
  5. Djalolova L. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanining lingvistik tadqiqi. Filol. fanlari. nomz. diss..avtoref. – T, 2007.
  6. Yo‘ldoshev M. Cho‘lponning badiiy til mahorati (“Kecha va kunduz”  romanining tili misolida) Filol. fanlari. nomz. dissertasiyasi. – T, 2000,
  7. Yo‘ldoshev M. Badiiy nutq lingvopoetikasi. Monografiya. – T: Fan, 2008. – 159.b,
  8. Lapasov J. Matn matn va lisoniy tahlil. – Toshkent: O‘qituvchi, 1985. B. 8-11.
  9. Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi.- Toshkent: O‘qituvchi, 1976.-354
  10. Mirtojiyev M O‘zbek tilida polisemiya.-Toshkent: Fan, 1974.-B 9,26, 33, 71
  11. Muhammadjonova G. 80-yillar oxiri - 90-yillarning boshlari o‘zbek she’riyatining lingvopoetik tadqiqi: Filol. fanlari. nomz. diss. avtoref. – T, 2004,
  12. Mukarramov M. O‘zbek tilida o‘xshatish. – T,1978,
  13. Normurodov R. Shukur Xolmirzayevning badiiy til mahorati. Filol. fanlari. nomz. dissertasiyasi. – T, 2001.
  14. Normurodov R. Shukur Xolmirzayevning badiiy mahorati. Monografiya. – T, 2003.
  15. Normurodov R. O‘zbek tilida ikkilamchi nominasiya. Monografiya. – T.: Fan, 2010, – 129.b.
  16. Rahmatullayev Sh. Nutqimiz ko‘rki. - T, 1970. – B.43.
  17. Samadov Q. Oybekning til mahorati. – T, 1981.
  18. To‘rabekova S. Til va uslub. – Toshkent: O‘qituvchi, 1983. – B.40-45.
  19. Umirov I. O‘zbek tili parafrazalari. Filol. fanlari. nomz. diss... avtoref. – T, 1996.
  20. Choriyeva Z. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanidagi maktublarning lug‘aviy-ma’noviy va uslubiy xususiyatlari. Filol. fanlari. nomz. diss..avtoref. – T, 2006.
  21. Shamsiddinov H. Perifraza xususida ba’zi bir mulohazalar // O‘zbek tili va adabiyoti, 1993, №4, 31-35-betlar.
  22. Shamsiddinov H. O‘zbek tilida so‘zlarning funksional-semantik sinonimlari. Filol. fanlari. d-ri. diss… avtoref.– T., 1999.
  23. Камалов У.А. Семантические типы оптативных предложений в русском и узбекском языках // Вестник КГУ им. Бердаха. – 2021. - №1 (50). – С.250-254.
  24. Камалов У.А. Функционально-семантические типы оптативных предложений в русском и узбекском языках // Научный Вестник Наманганского государственного университета. – 2021. -№2. – С.248-256.
  25. Поляков М.С. Вопросы поэтики и художественной семантики. – М.: Просвещение, 1978-128 с.